AQSh vizasi intervyusida qanday savollar beriladi? 30+ real savol va javoblar
Qisqa javob: AQSh vizasi intervyusi o'rtacha atigi 2-5 daqiqa davom etadi. Bu vaqt ichida konsul sizning safar maqsadingiz, ish va daromadingiz hamda O'zbekistonga qaytish kafolatlaringizni tekshiradi. Barcha javoblaringiz qisqa (1-2 gapdan iborat), ishonchli va eng muhimi — DS-160 anketasiga kiritilgan ma'lumotlar bilan 100% mos kelishi shart.
Intervyuda o'zingizni yo'qotib qo'ymaslik uchun sinov suhbatiga (Mock Interview) yoziling.
YouVisa mutaxassisiga yozishMundarija
AQSh elchixonasidagi suhbat (intervyu) — viza olish jarayonining eng hal qiluvchi, ba'zan esa eng qo'rqinchli deb qaraladigan qismidir. Barcha kerakli hujjatlarni to'g'ri yig'ish qanchalik muhim bo'lmasa, ularni o'zingizga bo'lgan ishonch bilan og'zaki himoya qilib bera olish ham shunchalik muhim.
1. Intervyu qanday o'tadi o'zi?
Suhbat elchixonada maxsus himoyalangan oyna ortida o'tirgan konsul bilan yuzma-yuz o'tkaziladi. Odatda bu jarayon 2 daqiqadan 5 daqiqagacha davom etadi. Konsul oldidagi kompyuter ekranida sizning DS-160 anketangiz ochiq turadi va u savollarni asosan o'sha anketaga asoslanib beradi.
- Til tanlovi: Suhbatni o'zingiz erkin gaplashadigan tilda (O'zbek yoki Rus tilida) o'tkazishingiz mumkin. Turist (B1/B2) vizasi uchun ingliz tilini bilish majburiy emas. Oyna ortida o'zbek tilini biladigan konsul yoki rasmiy tarjimon o'tiradi.
- Konsulning maqsadi: AQSh qonunchiligiga ko'ra (214(b) modda), konsul har bir arizachiga "potensial immigrant" (qochib ketish niyatida bo'lgan shaxs) sifatida qaraydi. Sizning yagona vazifangiz — u beradigan 3-5 ta savolga mantiqiy, to'g'ri va ishonchli javob berib, O'zbekistonga qaytib kelishingizni isbotlash.
2. Eng ko'p beriladigan 3 ta "Asosiy" savol
Suhbat deyarli doim quyidagi 3 ta savoldan birortasi bilan boshlanadi:
1. AQShga borishdan maqsadingiz nima?
"Men Amerikani bolaligimdan orzu qilaman. Boring, hamma joyni aylanib, rasmga tushib, u yoq-bu yoqni ko'rib kelmoqchiman." (Juda mavhum va ishonchsiz javob).
"Men 2 haftalik ta'tilimda turizm maqsadida Nyu-York va Vashington shaharlarining tarixiy obidalarini ko'rib kelishni rejalashtirganman." (Aniq, vaqt chegarasi bor va manzil belgilangan).
2. Qayerda ishlaysiz va maoshingiz qancha?
"O'zimni bizneslarim bor, tirikchilik qilib yuramiz, oyiga 30-40 million topsam kerak, stabil emas." (Konsul aniqlikni yaxshi ko'radi).
"Men 'TechUz' kompaniyasida so'nggi 4 yildan beri marketing bo'limi boshlig'i bo'lib ishlayman. Oylik rasmiy daromadim 15 million so'm."
3. Nega aynan hozir bormoqchisiz?
Konsul sizning safaringiz shoshilinch emasligini va mantiqqa to'g'ri kelishini bilmoqchi.
"Keyingi oyda yillik mehnat ta'tiliga chiqyapman va aynan sentyabr oyida Nyu-Yorkda ob-havo sayohat qilish uchun juda qulay ekanligini o'qib, safarni shu vaqtga rejalashtirdim."
3. Sayohat va moliyaga doir real savollar
Keyingi qatorda sizning safarni qoplash imkoniyatingiz tekshiriladi:
- "Sayohat xarajatlarini kim qoplaydi?" — Agar o'zingiz to'lasangiz: "O'zim qoplayman, buning uchun yetarli jamg'armam bor." Agar homiy to'lasa: "Safar xarajatlarini otam (yoki ishxonam) qoplaydi."
- "Sayohat qancha davom etadi?" — Eng xavfsiz javob: "10 kundan 2 haftagacha." Hech qachon turizm uchun 3 yoki 6 oy qolaman demang, bu to'g'ridan-to'g'ri rad javobini anglatadi.
- "Siz bilan kim ketyapti?" — "Men yolg'iz ketyapman" yoki "Turmush o'rtog'im bilan ketyapmiz." Oila a'zolari birga borsa, konsulning ishonchi yanada ortishi mumkin.
- "Oldin qaysi davlatlarga sayohat qilgansiz?" — Faqat so'nggi 5 yil ichida chiqqan rasmiy sayohatlaringizni, ayniqsa Shengen, Yaponiya, Koreya yoki Buyuk Britaniyani sanab o'ting.
4. Turli toifalar uchun maxsus savol-javoblar
Tadbirkorlar (Biznes egalari) uchun savollar:
- "Kompaniyangiz aniq nima ish bilan shug'ullanadi?"
- "Qo'l ostingizda nechta xodim ishlaydi?"
- "Siz yo'qligingizda 2 hafta davomida biznesingizni kim boshqaradi?" (To'g'ri javob: Mening yordamchim / hamkorim kompaniya ishlarini o'z zimmasiga oladi).
Talabalar uchun savollar:
- "Hozir o'qish payti-ku, qanday qilib ketmoqchisiz?" (To'g'ri javob: Men yozgi / qishki ta'til paytida ketmoqchiman).
- "Universitetni bitirgach rejangiz qanday?" (To'g'ri javob: O'zbekistonga qaytib, mutaxassisligim bo'yicha yirik banklardan biriga ishga kirmoqchiman).
5. Intervyuda yo'l qo'yiladigan 5 ta eng katta xato
Rad etilishga olib keluvchi holatlar
- Ortiqcha gapirish: Konsul so'ramagan ma'lumotni berish eng katta xato. So'ralgan savolga 1-2 ta aniq gap bilan javob bering va to'xtang.
- DS-160 bilan ziddiyat: Agar anketangizda daromadingiz 10 million so'm yozilgan bo'lsa-yu, siz og'zaki "15 million so'm" desangiz, darhol shubha paydo bo'ladi.
- Yodlangan matnni aytib berish: Konsullar sun'iylikni darhol sezishadi. Xuddi imtihonda javob berayotgandek emas, insoniy va tabiiy muloqot qiling.
- Hujjatni majburlab tiqish: Konsul so'ramaguncha oynadan hech qanday hujjatni uzatmang (faqat pasportdan tashqari).
- Tana tili (Body language): Ko'zga qaramaslik, yerga qarab gapirish, qaltirash yoki oyna ortidagi xodimni mensimaslik sizga darhol "Otkaz" xatini taqdim etadi.
6. Ko'p beriladigan savollar (FAQ)
1. Agar bitta savolga chalkashib, noto'g'ri javob bersam nima bo'ladi?
Darhol o'zingizni to'xtating, xato ketganini tan oling va javobni to'g'rilang. Konsul buni hayajon deb tushunishi mumkin. Ammo qasddan aldashga harakat qilish yomon oqibatlarga olib keladi.
2. Savolni eshitmay qolsam qanday so'rashim kerak?
Xotirjamlik bilan "Uzur, eshitmay qoldim, qaytara olasizmi?" yoki "Iltimos, sal balandroq gapiring" deyishingiz mutlaqo normal holat. Eng yomoni — tushunmagan savolga taxmin qilib javob berishdir.
3. Konsul nima uchun ba'zida umuman qaramay kompyuterda yozaveradi?
U sizning aytgan har bir so'zingizni DS-160 tizimidagi maxsus baza bilan solishtirib, yozib bormoqda. Bu sizga quloq solmayapti degani emas. U yozayotgan paytda ham ishonch bilan gapirishda davom eting.
AQSh elchixonasidagi suhbat faqat faktlar emas, balki psixologiya hamdir. Ko'p hollarda mijozlarning hayajoni ularning rad javobi olishiga sabab bo'ladi.
Mock Interview: Sinov suhbatiga yoziling
Suhbatda o'zingizni yo'qotib qo'ymasligingiz va qaltis savollarga to'g'ri javob topishingiz uchun YouVisa mutaxassislari bilan elchixonadagidek maxsus sinov suhbatini (Mock Interview) o'tkazing.
Konsultatsiya va Tayyorgarlik*YouVisa konsultatsiya xizmati suhbatga tayyorgarlik jarayonini o'z ichiga oladi, biroq viza olish kafolatlanmaydi.